27-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosiga yoki mansabdor shaxsga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish asoslari
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosiga yoki mansabdor shaxsga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
shaxsning qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmaganligi yoki sudlanganligi olib tashlanmaganligi;
shaxsning davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganligi bilan bogʻliq boʻlgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy yoki maʼmuriy ishning mavjudligi;
shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;
tekshiruv tadbirlari natijasida shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlari aniqlanganligi (bunday tahdidlarning roʻyxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi);
shaxsning tekshiruv tadbirlaridan boʻyin tovlashi va (yoki) oʻzi yoxud yaqin qarindoshlari toʻgʻrisida qasddan yolgʻon maʼlumotlar berganligi.
Oʻziga nisbatan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish rad etilgan shaxs ushbu qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tavsiya etilgan nomzodga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish toʻgʻrisidagi maxsus vakolatli davlat organining asoslantirilgan xulosasi nomzodning davlat sirlaridan foydalanish huquqini cheklash uchun asos boʻladi. Biroq davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar oʻzgargan taqdirda, oʻziga nisbatan bunday ruxsatnomani rasmiylashtirish rad etilgan shaxs davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun qayta murojaat etish huquqiga ega.
