22-modda. Davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish ushbu tashkilotlarning qabul qilingan qarorning asoslanganligi uchun shaxsan javobgar boʻlgan rahbarlari qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylashtirishning belgilangan muddati tugaganidan keyin yoki maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbarlari mazkur maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni uch oylik muddatda maxfiylikdan chiqarishi shart.
Davlat arxivlarining rahbarlariga mazkur arxivlarning yopiq fondlarida saqlanayotgan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish vakolatlari arxiv fondini shakllantiruvchi tashkilot yoki uning huquqiy vorisi tomonidan beriladi. Agar arxiv fondini shakllantiruvchi tashkilot tugatilgan boʻlsa va uning huquqiy vorisi boʻlmasa, davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish masalasi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Maʼlumotlarning maxfiylik darajasini oʻzgartirish yoki ularni maxfiylikdan chiqarish mavjud maxfiylik grifini bekor qilish hamda ularni tashuvchilarda yangi hisobga olish rekvizitlarini koʻrsatish orqali amalga oshirilishi kerak.
Maʼlumotlarni va ularni tashuvchilarni maxfiylikdan chiqarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
