19-modda. Maxfiylashtirilmaydigan maʼlumotlar
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Quyidagi maʼlumotlar maxfiylashtirilmaydi:
favqulodda vaziyatlar hamda fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga va xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa hollar hamda ularning oqibatlari toʻgʻrisidagi, shuningdek tabiiy ofatlar, ularning rasmiy prognozlari va oqibatlari haqidagi maʼlumotlar;
ekologiyaning, sogʻliqni saqlashning, sanitariya, demografiya, taʼlim, madaniyatning, tibbiy xizmat koʻrsatishning, ijtimoiy taʼminotning va qishloq xoʻjaligining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jinoyatchilikning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasining makroiqtisodiy koʻrsatkichlari, Davlat budjeti parametrlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish haqidagi jamlanma statistika maʼlumotlari;
inson huquq va erkinliklarining buzilishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilikning buzilishlari haqidagi maʼlumotlar;
foydalanilishi, tarqatilishi va taqdim etilishi qonun bilan cheklanmagan boshqa maʼlumotlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlarni maxfiylashtirish toʻgʻrisida asoslanmagan qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat va davlatga yetkazilgan moddiy va (yoki) maʼnaviy zarardan kelib chiqqan holda qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
Fuqarolar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlarni maxfiylashtirish toʻgʻrisidagi asoslanmagan qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
