16-modda. Maʼlumotlarni maxfiylashtirish asoslari
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Axborotning maxfiylik darajasi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning boshqaruv, ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa faoliyat turlari natijasida olingan (ishlab chiqilgan) maʼlumotlarning maxfiylik darajasidan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga asosan belgilanadi.
Tayyorlangan (ishlab chiqilgan) axborotni Oʻzbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxati bilan identifikatsiya qilish mumkin boʻlmagan, shuningdek mazkur axborotdan ochiq foydalanganda biron-bir zarar yetkazish xavfi mavjud boʻlgan hollarda, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari tayyorlangan (ishlab chiqilgan) axborotni taxmin qilinayotgan maxfiylik darajasini hisobga olgan holda oldindan maxfiylashtirishi va keyinchalik maxsus vakolatli davlat organining xulosasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasida maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga qoʻshimchalar (oʻzgartirishlar) kiritish toʻgʻrisidagi asoslangan takliflar kiritishi kerak.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar vaqti-vaqti bilan, biroq besh yilda kamida bir marta ushbu tashkilotlarda amalda boʻlgan, maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatlarini maʼlumotlarni maxfiylashtirishning asosliligi hamda ularning ilgari belgilangan maxfiylik darajasiga muvofiqligi yuzasidan qayta koʻrib chiqishi shart.
