7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatlari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining temir yoʻl transporti sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
temir yoʻl transporti sohasidagi barqaror rivojlanish strategiyasini belgilaydi;
chet el hukumat moliya tashkilotlarining va xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan davlat kafolati ostida bajariladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari dasturini tasdiqlaydi;
davlat tomonidan tartibga solinadigan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish tartibini tasdiqlaydi;
davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar boʻyicha yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini koʻrsatishdan koʻrilgan zararlarni Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlaydi;
temir yoʻl transporti sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibini belgilaydi;
tashish jarayoni ishtirokchilarining, temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari, majburiyatlari va masʼuliyatini nazarda tutuvchi Temir yoʻl transporti ustavini tasdiqlaydi;
temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarni tasdiqlaydi;
temir yoʻl vokzallaridagi (stansiyalaridagi) yoʻlovchilarning va tashrif buyuruvchilarning qoʻl yukini va bagajini tekshirish, ularning temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) boʻlishi tartibini tasdiqlaydi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlaydi;
temir yoʻl transporti sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish choralarini koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
