53-modda. Temir yoʻl transportining muhofaza zonalari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Aholi, temir yoʻl transporti xodimlari, yoʻlovchilar, hayvonlar xavfsizligini, shuningdek temir yoʻl stansiyalaridan, temir yoʻllardan, elektr taʼminoti va aloqa liniyalaridan foydalanishda xavfsizlikni, temir yoʻl transporti inshootlari, qurilmalari va boshqa obyektlarining, shu jumladan siljuvchi tuproqli hududlarda va qum uyumlari, yer koʻchishi, yer choʻkishi, suv oqizib ketishi, sel olishi va tabiiy xususiyatdagi boshqa xavfli taʼsirlarga moyil boʻlgan hududlarda joylashgan obyektlarning but saqlanishi, mustahkamligi va bardoshliligini taʼminlash maqsadida muhofaza zonalari — ajratilgan mintaqaga ikki tomondan tutashgan hududlar belgilanadi.
Muhofaza zonalari chegaralaridagi yer uchastkalari uchun yerdan foydalanishning maxsus rejimi belgilanadi, bunda ushbu yer uchastkalarining egalari, foydalanuvchilari yoki ijarachilari quyidagi cheklovlar bilan ulardan xoʻjalik maqsadida foydalanish huquqiga ega:
sanoatga oid va fuqaroviy qurilishni amalga oshirish taqiqlanadi;
temir yoʻllarning davlat kadastrini yuritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organning roziligisiz har qanday ishni bajarish taqiqlanadi.
Muhofaza zonalarini, ularning oʻlchamlarini, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan yerlardan foydalanish rejimini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
