52-modda. Temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun yerlar
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun yerlar vakolatli tashkilotga, umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalariga, infratuzilma operatoriga, shoxobcha yoʻl egalariga temir yoʻl transporti obyektlaridan foydalanish, ularni saqlash, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, takomillashtirish (yaxshilash) va rivojlantirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
Temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari yer, shaharsozlik va ekologiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Temir yoʻllarga tutashgan, temir yoʻllar bilan band boʻlgan yoki bunday yoʻllarni joylashtirish uchun moʻljallangan, shuningdek temir yoʻl stansiyalarini, suv chiqarish va mustahkamlash qurilmalarini, temir yoʻllar boʻylab himoya chiziqlarini, aloqa liniyalarini, elektr taʼminoti qurilmalarini, harbiy yuklarni ortish va tushirish joylarini, ishlab chiqarishga oid va boshqa binolarni, imoratlar, inshootlar va temir yoʻl transportining boshqa obyektlarini joylashtirish uchun moʻljallangan yer uchastkalari ajratilgan mintaqa hisoblanadi.
Temir yoʻl transporti yerlaridan ajratilgan mintaqa doirasida foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
