49-modda. Talablar va daʼvolarni koʻrib chiqish
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish boʻyicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yoʻlovchilar, yuk joʻnatuvchilar (joʻnatuvchilar) va yukni oluvchilar (oluvchilar) tegishli umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalariga, tashuvchiga qonunchilikda belgilangan tartibda hamda muddatlarda talablar va daʼvolar taqdim etishga haqlidir.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi talabni toʻliq yoki qisman qanoatlantirishni rad etgan taqdirda yoki umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasidan, tashuvchidan talabni koʻrib chiqish muddati tugaganidan keyin javob olinmaganda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasiga, tashuvchiga nisbatan tashish jarayonidan kelib chiqadigan daʼvolar berilishi mumkin.
Daʼvo muddati yuk, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish shartnomasi boʻyicha — bir yil, yoʻlovchi, bagaj, yuk bagajini tashish shartnomasi boʻyicha — olti oy.
Daʼvo muddati daʼvo arizasini berish uchun asos boʻlgan hodisa boshlanganidan keyingi kundan eʼtiboran hisoblanadi.
Tashish shartnomasi bilan bogʻliq boʻlmagan yuklarni yetkazib berish boʻyicha majburiyatlardan kelib chiqadigan talablar boʻyicha daʼvo muddati yetkazib berish muddati tugagan kundan eʼtiboran hisoblanadigan ikki oyni tashkil etadi.
Temir yoʻl transportida tashishlar boʻyicha talablar va daʼvolarni koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalariga, tashuvchiga yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashishda yuzaga keladigan talablarni taqdim etish muddatlari Temir yoʻl transporti ustavida va xalqaro qatnovlarda temir yoʻl transportida tashishlar toʻgʻrisidagi bitimlarda (shartnomalarda) nazarda tutiladi.
