20-modda. Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaji tashilishini tashkil etish
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Yoʻlovchi tashish shartnomasiga koʻra umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi yoʻlovchini yoʻl hujjatiga (chiptaga) binoan unga poyezdda joy bergan holda, belgilangan manzilga yetkazish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi, yoʻlovchi esa yoʻl haqini toʻlashi shart.
Bagajni, yuk bagajini tashish shartnomasiga koʻra umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi bagajni, yuk bagajini belgilangan manzilga yetkazib berishi, yoʻlovchi (joʻnatuvchi) esa uni tashish uchun haq toʻlashi shart.
Yoʻlovchi tashish shartnomasi yoʻl hujjati (chipta), bagaj tashish shartnomasi bagaj kvitansiyasi, yuk bagajini tashish shartnomasi esa yuk bagaji kvitansiyasi bilan rasmiylashtiriladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi yoʻl hujjati (chipta) yoʻlovchi tomonidan koʻrsatilgan belgilangan stansiyagacha sotilishini taʼminlashi shart. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotish kassalari, elektron terminallar va Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti orqali yoʻl hujjatlari (chiptalar) sotilishini tashkil etishi mumkin.
Yoʻl hujjatiga (chiptaga) binoan yoʻlovchiga joy bermagan yoki tashishni davom ettirishni rad etgan, shuningdek bagaj va yuk bagaji kvitansiyasiga koʻra bagajni va yuk bagajini koʻrsatilgan belgilangan joyga yetkazib bermagan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi oʻz hisobidan yoʻlovchini, bagajni, yuk bagajini belgilangan manzilga yetkazishi yoki shartnomaning lozim darajada bajarilmaganligi sababli yoʻlovchiga (joʻnatuvchiga) yetkazilgan barcha zararlarning oʻrnini unga qoplashi shart.
Yoʻlovchilar poyezdlarning joʻnash va kelish vaqti, yoʻl haqining, bagajni, yuk bagajini tashish haqining qiymati, yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotish boʻyicha temir yoʻl kassalarining, vokzal xonalarida joylashgan saqlash kameralarining ish vaqti, yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida va ishonchli axborot bilan, shuningdek umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalarining ishi toʻgʻrisidagi boshqa zarur axborot bilan taʼminlanishi kerak.
Yoʻlovchilarning va temir yoʻl transporti xodimlarining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, temir yoʻl transportida tashishlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida vokzalga kirishda vakolatli organlar belgilangan tartibda qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechirishni hamda yoʻlovchilarni va boshqa shaxslarni shaxsiy koʻzdan kechirishni amalga oshirishi mumkin. Koʻzdan kechirish rad etilganda vokzalga kirish taqiqlanadi, yoʻlovchilar esa tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
