18-modda. Yuklarni yetkazib berish muddatlari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Tashuvchi Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yuklarni tashish qoidalariga muvofiq yuk tashish shartnomasida belgilangan muddatda yukni belgilangan temir yoʻl stansiyasiga yetkazib berishi shart.
Agar yetkazib berish muddati tugashiga qadar yuk belgilangan manzilga yetkazib berilgan va yukni oluvchiga topshirilgan yoki qabul qilish-topshirish (qoʻyib berish) yoʻllariga keltirilgan boʻlsa, yuk muddatida yetkazib berilgan hisoblanadi.
Agar yukni qabul qilish-topshirish (qoʻyib berish) yoʻllariga yetkazib berish yuk joʻnatuvchining, yukni oluvchining, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasining aybi bilan kechiktirilgan boʻlsa (yuk tushirish frontining bandligi, yuk tashish shartnomasiga muvofiq yuklarni tashish uchun haq va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasiga, tashuvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlar toʻlanmaganligi), yuk muddatida yetkazib berilgan hisoblanadi.
