17-modda. Yuk tashish uchun haq
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Yukni tashish uchun haq, agar yuk tashish shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yuk joʻnatuvchi, ekspeditor tomonidan yukni joʻnatish paytiga qadar toʻlanadi. Yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi, ekspeditor talabi bilan bajariladigan yuk tashish va topshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun toʻlov taraflarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuklarni tashish uchun haq yuklarni tashish amalga oshiriladigan eng qisqa masofa uchun hisob-kitobdan kelib chiqqan holda undiriladi.
Yirik gabaritli (nogabarit) va ogʻir vaznli yuklarni tashish amalga oshiriladigan eng qisqa masofani aniqlash umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarning bunday yuklarni tashish uchun texnik imkoniyatlarini va oʻtkazuvchanlik qobiliyatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi yuk tashish uchun haqni va toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni taʼminlash maqsadida tashish uchun ularga berilgan yuklarni ushlab qolish huquqiga ega.
Yuk joʻnatuvchining, yukni oluvchining, ekspeditorning tashish uchun qarzi mavjud boʻlganda, shuningdek toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonasi, tashuvchi keyinchalik qarz toʻlanguniga qadar tashish shartnomasini tuzishni rad etishi mumkin.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirishda aybdor boʻlgan taraf (yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi, ekspeditor) temir yoʻl transporti korxonasiga, tashuvchiga vagonlar va konteynerlardan foydalanganlik uchun butun kechiktirilgan vaqt uchun haq toʻlaydi.
