15-modda. Yuklar tashilishini tashkil etish
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Yuk tashish shartnomasiga muvofiq umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar uni tashish shartlariga rioya etgan holda yuk joʻnatuvchi tomonidan ularga ishonib topshirilgan yukni belgilangan temir yoʻl stansiyasiga oʻz vaqtida va but saqlangan holatda yetkazib berish hamda yukni oluvchiga topshirish, yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) esa yukni tashish uchun pul toʻlash va uning qabul qilinishini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Yukni temir yoʻl transportida tashish shartnomasi temir yoʻl transporti yuk xatini tuzish orqali rasmiylashtiriladi.
Yuk tashish shartnomasi temir yoʻl transporti yuk xatiga (qogʻozda va elektron tashuvchilarda) joʻnatish stansiyasining kalendar muhri bosilgan holda yuk qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya yuk joʻnatuvchiga taqdim etilgan paytdan eʼtiboran tuzilgan hisoblanadi.
Yuk belgilangan manzilga yetib kelganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan paytdan eʼtiboran tashish shartnomasiga doir huquq va majburiyatlar yukni oluvchiga oʻtadi.
Yukni oluvchi yuk joʻnatuvchining notoʻgʻri xatti-harakatlari oqibatida tashuvchiga toʻlangan xarajatlar va zararlarning oʻrni qoplanishini yuk joʻnatuvchidan talab qilishga haqli.
