14-modda. Temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari tashilishini tashkil etish
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchi, infratuzilma operatori, vagonlar (konteynerlar) operatori, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egasi, yoʻlovchi, yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi), yukni oluvchi (oluvchi), ekspeditor (bundan buyon matnda tashish jarayoni ishtirokchilari deb yuritiladi) ushbu Qonunga, Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transporti sohasidagi xalqaro shartnomalariga, Temir yoʻl transporti ustaviga, tashishlar qoidalariga, umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.
Tashuvchi yoʻl haqini yoki bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining tashish haqini toʻlagan hamda tashish hujjatlarini toʻgʻri rasmiylashtirgan yoʻlovchiga, yuk joʻnatuvchiga (joʻnatuvchiga), yukni oluvchiga (oluvchiga), ekspeditorga tashishni rad etishga haqli emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tashish jarayonining oʻz shaxsiy harakatdagi tarkibiga ega boʻlmagan ishtirokchilari shartnomaga asosan vagonlar (konteynerlar) operatori, infratuzilma operatori xizmatlaridan foydalanadi.
Temir yoʻl transportida yuklarni tashish yuk joʻnatuvchilarning buyurtmanomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Yuklarni tashish uchun buyurtmanomalarning shakllari, buyurtmanomalarni berish, bajarish va hisobga olish tartibi, shuningdek temir yoʻl transportida tashiladigan yuklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yuklarni tashish qoidalari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy yuklarini va shaxsiy tarkibini harbiy holat joriy etilganda, shu jumladan harbiy harakatlar olib boriladigan butun davrda temir yoʻllarda tashish birinchi navbatda amalga oshiriladi.
