41-modda. Sogʻliqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Qoʻllanilgan jazo chorasidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda oʻziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qoʻllanilganligidan qatʼi nazar, qasddan odam oʻldirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsni jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik uchun ilgari hukm qilingan shaxslarning taʼlim, tarbiya, bolalar sogʻlomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taqiqlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxsus reyestrga kiritiladi va mazkur shaxslar maxsus reyestrda boʻlgan davrda ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turadi.
Maxsus reyestrga kiritilgan shaxslar doimiy yashash joyi yoki ish joyi oʻzgarganida, bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga xabar berishi shart.
Maxsus reyestrni shakllantirish va yuritish, shuningdek undan axborot olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
