40-modda. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning xulq-atvorini tuzatishga qaratilgan tadbirlar
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Zoʻravonlikning takroran sodir etilishining oldini olish hamda zoʻravonlikdan jabrlanuvchining xavfsizligini taʼminlash maqsadida bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning xulq-atvorini oʻzgartirish yuzasidan psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtadi.
Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsda ruhiy holatning buzilishi mavjud boʻlgan taqdirda, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishi mumkin.
Bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
