38-modda. Bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan olib qoʻyish
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Bolaning hayoti va sogʻligʻi bevosita xavf ostida qolganda vakolatli davlat organi bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olib qoʻyishga doir choralar koʻrishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olib qoʻyish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan profilaktika inspektori ishtirokida amalga oshiriladi.
Bola olib qoʻyilganda vakolatli davlat organi zudlik bilan prokurorga xabar berishi, bolaning vaqtincha joylashtirilishini taʼminlashi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan bolani olib qoʻyish haqida hujjat qabul qilinganidan keyin yetti kun ichida ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisida sudga daʼvo bilan murojaat etishi shart.
Bola ota-onasidan (ularning biridan) yoki uni oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan olib qoʻyilganda, u quyidagi joylarga (joylashtirish ustuvorligi tartibida) joylashtirilishi mumkin:
bolaning manfaatlariga muvofiq shart-sharoitlar yarata oladigan ota-onaning birinikiga;
bolaning qarindoshlarinikiga;
bolaga gʻamxoʻrlik koʻrsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;
vakolatli davlat organining hisobida turgan shaxslarnikiga;
tibbiyot muassasasiga (bolaning sogʻligʻida muammolar boʻlganda);
zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga.
Agar bolani oilaga joylashtirish imkoniyati boʻlmasa, uni ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirish eng oxirgi choradir.
Sud tomonidan ota-onalarning ota-onalik huquqini cheklash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bolaning ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan joylarda boʻlishi muddati himoya qilish rejasida belgilanadi.
