37-modda. Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning oilalarini mustahkamlash hamda qoʻllab-quvvatlash
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning manfaatlarini taʼminlash maqsadida ularning oila aʼzolariga oilalarni mustahkamlash hamda qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid soluvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatiladi. Buning uchun bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining va tashkilotlarning tegishli mutaxassislari jalb etiladi hamda quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
zoʻravonlik sodir etganlikda aybdor shaxsning hissiy barqarorligini taʼminlash, shuningdek mazkur shaxsning ota-onalik salohiyatini, harakatlari uchun javobgarligini va ularning oqibatlarini anglab yetishi uchun ijtimoiy, psixologik, pedagogik jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik, uning bolalar uchun oqibatlari hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida axborot va maslahatlar berish orqali oila aʼzolarining huquqiy savodxonligini oshirish;
zoʻravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʻlgan shaxsda ruhiy holat buzilishlari aniqlangan taqdirda, belgilangan tartibda psixiatriya yordamini koʻrsatish;
narkologik kasalliklarga chalingan ota-onalarning narkologiya muassasalarida majburiy davolanishini taʼminlash;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishiga bilvosita taʼsir koʻrsatgan iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan tadbirkorlikka jalb etish, oʻzini oʻzi band qilishni rivojlantirishga doir faoliyatni tashkil etish, kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malakani oshirishga yuborish hamda boshqa choralar koʻrish orqali oilalarning moliyaviy barqarorligini taʼminlashga koʻmaklashish;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi tahdidi hisobga olingan holda qonunchilikda taqiqlanmagan hamda xavf omillarini bartaraf etishga, oilalarni mustahkamlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa xizmatlarni koʻrsatish.
