20-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatda ishtirok etishi
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlariga va tashkilotlarga koʻmaklashadi;
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlariga va tashkilotlarga bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalalari boʻyicha tadqiqotlar olib boradi;
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik hollarini kompleks baholash, bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi tahdidini yuzaga keltiruvchi omillarni aniqlash, shuningdek uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga, shuningdek oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarga hamda ularning ota-onasiga (ota-onasining oʻrnini bosuvchi shaxslarga) huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va taʼlim xizmatlarini koʻrsatadi;
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlariga va tashkilotlarga koʻmaklashadi, shuningdek bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalalarida jamoatchilikning xabardorligini oshirishda ishtirok etadi.
