17-modda. Taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining va taʼlim muassasalarining bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va taʼlim muassasalari:
bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etadi;
taʼlim muassasalarida bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish boʻyicha dasturlar va mexanizmlarni ishlab chiqadi, amalga oshiradi hamda ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
oilada bolalarni himoya qilish zaruriyati bilan bogʻliq muammolar profilaktikasi, shu jumladan ogʻir hayotiy vaziyatdagi oilalarda bolalarni tarbiyalash, maktabgacha va maktab taʼlimi davridagi moslashuvga, shuningdek ijtimoiy moslashuvga koʻmaklashish boʻyicha dasturlar va tadbirlarni tashkil etadi hamda amalga oshiradi;
bolaning hayotiga, sogʻligʻiga yoki rivojlanishiga tahdidlar, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi faktlari toʻgʻrisida bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarini va tashkilotlarni xabardor qiladi;
ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, taʼlim muassasalariga qatnamayotgan yoki darslarni muntazam ravishda qoldirayotgan, taʼlim jarayonida himoyaga va qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan bolalarni aniqlash hamda hisobga olish boʻyicha choralar koʻradi;
zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarni va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarni taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishda psixologik, pedagogik va ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning, shuningdek oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning ota-onasini, idoralararo hamkorlikda ishtirok etuvchi mutaxassislarni psixologik-pedagogik jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish va undan himoya qilish boʻyicha nizomni hamda ichki tartib-qoidalarni tasdiqlaydi, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash boʻyicha tadbirlarda ishtirok etadi, shuningdek ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻradi;
