14-modda. Psixologning huquq va majburiyatlari
Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida (O‘RQ-989-son) · Sana: 05.11.2024 · Amalda
Psixolog quyidagi huquqlarga ega:
oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish;
psixologlarning jamoat birlashmalarini tashkil etish;
psixologik yordam koʻrsatganligi uchun shartnomaga muvofiq haq olish;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra psixologik yordam koʻrsatishni rad etish yoki tugatish.
Psixolog qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Psixolog:
psixologik yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilgan shaxsga psixologik yordamning shakli, turi toʻgʻrisidagi axborotni va boshqa zarur axborotni taqdim etishi;
psixologik yordam koʻrsatishda psixologik yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan shaxsga nisbatan insoniy muomalada boʻlishi, uning shaʼni, qadr-qimmatini va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
psixologik yordam koʻrsatish jarayonida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan kasbiy sirni va shaxsga doir maʼlumotlarni qonunchilik talablariga muvofiq oshkor etmasligi;
pullik asosda psixologik yordam koʻrsatilganda psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish talabiga rioya etishi;
psixologik yordam koʻrsatish standartlariga va psixologlarning odob-axloq kodeksi talablariga rioya etishi;
psixologik yordam koʻrsatishning ruxsat etilmagan usullari va vositalaridan foydalanmasligi, shu jumladan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlik ishlatmasligi;
psixologik yordam koʻrsatish chogʻida vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi, shu jumladan diniy taʼlimotdan saboq bermasligi, diniy aqida va gʻoyalarni targʻib qilmasligi, diniy mazmundagi materiallarni tarqatmasligi, u yoki bu dinga ustuvorlik bermasligi yoxud uni kamsitmasligi;
psixologik yordam koʻrsatishda huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishga, oʻz joniga suiqasd qilishga, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda ishtirok etishga yoki gʻayriijtimoiy xulq-atvorning boshqa shakllariga daʼvat qilmasligi;
psixologik yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining talabiga koʻra malaka sertifikatini koʻrsatishi, shuningdek psixologik yordamning shakli, turi va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjatdan koʻchirma berishi shart.
Psixologning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
