91-modda. Neft-gaz konini oʻzlashtirishning tasdiqlangan rejasiga oʻzgartirishlar kiritish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni qazib olish ishlari boʻyicha rejalashtirilayotgan ishlarning turlariga, usullariga va (yoki) texnologiyalariga va (yoki) ishlarni bajarish texnologiyalariga, hajmlariga va muddatlariga oʻzgartirishlar kiritish zarur boʻlgan, shu jumladan ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari tarkibida biror bir oʻzgarish boʻlgan taqdirda, yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning tasdiqlangan loyihasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi hamda rejaning oʻzgartirilgan tahririni Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlar konini oʻzlashtirish loyihasidagi oʻzgartirishlarni quyidagi hollarda Yer qaʼridan foydalanish markazi bilan kelishib oladi:
1) uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning amaldagi loyihasida nazarda tutilgan qazib olish boʻyicha ishlar bilan bogʻliq xavf-xatarlar koʻpayganda;
2) qazib olish usullari va (yoki) texnologiyalariga uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning amaldagi loyihasida nazarda tutilmagan qoʻshimcha xavf-xatarlar paydo boʻlishiga olib keladigan oʻzgartirishlar kiritilganda;
3) qazib olish boʻyicha ishlarga amalga oshirilishi uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning amaldagi loyihasida koʻrsatilgan ekologik va iqtisodiy koʻrsatkichlarga erishib boʻlmasligiga olib keladigan oʻzgartirishlar kiritilganda;
4) qazib olish boʻyicha ishlarga amalga oshirilishi uchun ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olish talab qilinadigan va uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning amaldagi loyihasida nazarda tutilmagan oʻzgartirishlar kiritilganda;
5) qazib olish boʻyicha ishlarga tuproq ustki qatlamining butunligi qoʻshimcha ravishda buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan oʻzgartirishlar kiritilganda;
6) uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha asosiy qurilmalarning va (yoki) infratuzilma obyektlarining soni hamda parametrlariga oʻzgartirishlar kiritilganda.
Uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning qayta koʻrib chiqilgan loyihasi Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan bunday oʻzgartirilgan loyiha olingan paytdan eʼtiboran yigirma ish kuni ichida koʻrib chiqilishi lozim.
Yer qaʼridan foydalanish markazi uglevodorodlar konini oʻzlashtirish loyihasini uning toʻliqligi, amalga oshirilishi mumkinligi va taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qonunning 85-moddasiga muvofiqligi nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi.
