9-modda. Davlatning yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi roli
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Davlat yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida quyidagi vazifalarni bajaradi:
1) konchilik tarmogʻiga investitsiyalar kiritilishiga koʻmaklashish va ularni tartibga solish, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishni tashkil etish, foydali qazilmalarni qazib olishni, yer qaʼrining boshqa obyektlarini oʻzlashtirishni va yer qaʼridan foydalanishni tartibga solish;
2) foydali qazilmalarni oʻzlashtirish va tasarruf qilishda qonuniylikni, ochiqlik va shaffoflikni, xolislikni hamda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, yer qaʼridan foydalanishni monitoring qilish va maʼlumotlarni muntazam ravishda eʼlon qilish, shuningdek investitsiya loyihalari doirasida ijtimoiy himoyani amalga oshirish;
3) berilgan ruxsatnomalar doirasida yer qaʼridan foydalanish shartlari bajarilishini taʼminlash, yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek qonunchilikka zid boʻlgan harakatlarga yoʻl quymaslik choralarini koʻrish.
