8-modda. Texnogen mineral hosilalarga boʻlgan mulk huquqi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼri uchastkasining chegarasida joylashgan texnogen mineral hosilalar mazkur uchastkaga tegishlidir.
Yer qaʼridan foydalanuvchining foydalanishida boʻlgan yer qaʼri uchastkasida mazkur foydalanuvchining faoliyati natijasida yuzaga kelgan texnogen mineral hosilalarga boʻlgan mulk huquqi yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqining amal qilish muddatida ushbu foydalanuvchida saqlanib qoladi. Texnogen mineral hosilalarning mulkdorlari boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilar ushbu Qonunga muvofiq ularga egalik qilishga, ulardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga, shu jumladan uchinchi shaxslarga berishga haqli.
Yer qaʼri uchastkasida u bilan bogʻliq ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin qolgan texnogen mineral hosilalar davlat mulki hisoblanadi va ular davlat yer qaʼri fondi tarkibiga kiritiladi.
Ochiq maydonlarda texnogen mineral hosilalarni joylashtirishga ushbu Qonun qoidalariga muvofiq ruxsat berilishi mumkin.
Texnogen mineral hosilalarning berilishi yer qaʼridan foydalanuvchining yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amaldagi majburiyatlariga taʼsir etmaydi.
