85-modda. Uglevodorodlar konini oʻzlashtirish loyihasi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Ushbu Qonunning 82-moddasiga muvofiq yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan taqdim etiladigan uglevodorodlar konini oʻzlashtirish loyihasi iqtisodiy, texnik, ekologik jihatlarning batafsil tavsifini, shuningdek qazib olish boʻyicha rejalashtirilayotgan ishlarga doir resurslar hamda xavfsizlik bilan bogʻliq jihatlarni nazarda tutadi va kamida quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
1) ruxsatnomaga kiritilgan yer qaʼri uchastkasining tavsifini, shu jumladan uning geologik tuzilishi, tahlili va sharhlanishining qisqacha tavsifini;
2) geologik jihatdan oʻrganish va baholash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning qisqacha tavsifini;
3) uglevodorodlarni qazib olishning maqbul variantlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek taklif etilayotgan variant mavjud muqobil variantlardan eng yaxshisi ekanligini asoslovchi texnik-iqtisodiy jihatdan baholashni;
4) uglevodorodlarni qazib olishning eng yaxshi maqbul variantidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi taklif etilayotgan ishlarning batafsil tavsifini, shu jumladan:
a) ishlarning taxminiy jadvalini;
b) rejalashtirilayotgan konchilik faoliyati munosabati bilan qurilishi yoki foydalanilishi rejalashtirilayotgan uglevodorodlarni qazib olishning har qanday vaqtinchalik yoki doimiy obyektlarini yoki boshqa infratuzilma obyektlarini;
v) mazkur ishlarni amalga oshirish jarayonida joriy etilishi rejalashtirilayotgan tashkiliy tizimlar va boshqaruv tizimlarini;
5) yer qaʼri uchastkasida yoki uning bir qismida uglevodorodlar konini boshqarish rejasini, shu jumladan tijoratbop topilmani oʻzlashtirish iqtisodiy jarayonining konni oʻzlashtirishning tasdiqlangan loyihasiga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda taqdim etilishi kerak boʻlgan dastlabki muddatini;
6) uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish usulining tavsifini;
7) foydalanishdan chiqarish boʻyicha dastlabki rejani, shu jumladan uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarning oqibatlarini tugatish rejasini (tugatish rejasini).
Uglevodorodlar konlarini oʻzlashtirish loyihasining maxsus shakli va mazmuni qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Uglevodorodlar konini oʻzlashtirish loyihasini koʻrib chiqish chogʻida Yer qaʼridan foydalanish markazi uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berilguniga qadar rejaning texnik va foydalanishga oid jihatlarini oʻrganadi. Yer qaʼridan foydalanish markazi rejaning moliyaviy jihatlari koʻrib chiqilganligi uchun javobgar boʻlmaydi. Yer qaʼridan foydalanish markazi oqilona asoslar mavjud boʻlgan taqdirda quyidagi mezonlarga ustuvorlik berishga haqli:
