6-modda. Yer qaʼriga boʻlgan mulkchilik huquqi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼri va yer qaʼrida tabiiy yoʻl bilan joylashgan barcha foydali qazilmalar Oʻzbekiston Respublikasining davlat mulki boʻlib, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Ushbu mulk huquqi har qanday shaxsning yerga va suvga boʻlgan biror-bir huquqiga yoki mulkchiligiga qaramay qoʻllaniladi.
Davlat yer qaʼrini ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va chegaralarda foydalanishga beradi.
Yer qaʼri uchastkalari oldi-sotdi, hadya, meros qilib qoldirish, omonat, garov predmeti boʻlishi yoki har qanday boshqacha shaklda oʻzga shaxsga oʻtkazilishi mumkin emas.
Davlat ushbu Qonunning hamda qonunchilik hujjatlarining qoidalari va shartlariga muvofiq yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishga doir, shu jumladan foydali qazilmalarni rekognossirovka qilish ishlarini, geologik jihatdan oʻrganishni, qazib olishni (qayta ishlashni) amalga oshirishga doir ruxsatnomalar berish huquqiga ega.
