5-modda. Foydali qazilmalarning tasnifi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Foydali qazilmalar iqtisodiy ahamiyatiga va yer qaʼri uchastkalarini foydalanishga berish shartlariga koʻra, ushbu Qonunga muvofiq asosiy va noruda foydali qazilmalarga boʻlinadi.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) rudali foydali qazilmalar — tarkibida metallar mavjud boʻlgan foydali qazilmalar. Ular jumlasiga aluminiy, surma, margimush, berilliy, vismut, bor, kadmiy, seziy, selestin, xrom, kinovar, kobalt, mis, galenit, galliy, germaniy, oltin, gafniy, ilmenit, indiy, temir, temir oksidi, qoʻrgʻoshin, litiy, magniy, marganets, simob, molibden, nikel, niobiy, platina guruhidagi metallar, piritlar, radiy, noyob yer elementlari (lantanoidlar va aktinoidlar), reniy, rubidiy, skandiy, selen, kumush, stronsiy, tantal, tellur, talliy, toriy, qalay, titan, volfram va uning rudalari, vanadiy, vulfenit, ittriy, rux hamda sirkon kiradi. Rudali foydali qazilmalar suvda erigan rudali foydali qazilmalarni oʻz ichiga oladi;
b) radioaktiv foydali qazilmalar — tarkibida radioaktiv izotoplar mavjud boʻlgan minerallar. Ular uranni, toriyni va boshqa radioaktiv minerallarni oʻz ichiga oladi, bundan radiy va kaliy mustasno;
v) energetik foydali qazilmalar — uglevodorodlardan farq qiladigan, energiyani hosil qilishda foydalaniladigan foydali qazilmalar. Ular jumlasiga koʻmirning barcha turlari, shu jumladan toshkoʻmir va kul rang koʻmir, antratsit, torf va radioaktiv minerallar kiradi;
g) uglevodorodlar — odatda energiya ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan, suyuq yoki gazsimon holatda boʻladigan foydali qazilmalarning uglevodorod birikmalari. Ular jumlasiga xom neft, tabiiy gaz, eritilgan gaz, gaz kondensatlari, yonuvchi slanetslar va slanetsli neft hamda ular bilan bogʻliq komponentlar, noanʼanaviy uglevodorodlar, shuningdek neft mahsulotlari va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlari kiradi.
Tarkibida metallar mavjud boʻlmagan minerallar noruda foydali qazilmalardir. Noruda foydali qazilmalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) kon-kimyo xom ashyosi — mineral pigmentlar, mineral tuzlar (inson isteʼmol qilishi uchun foydalaniladigan), kaliy tuzi, natriy sulfat, karbonatli togʻ jinslari (ohaktosh, dolomitlar), mineral oʻgʻitlar (glaukonitlar, fosforitlar va boshqalar), shuningdek boshqa kon-kimyo xom ashyosi;
b) kon-ruda xom ashyosi — eruvchan shpat, dala shpati xom ashyosi, kvars va kvarsit, tabiiy grafit, shisha xom ashyosi, kvars qum, brusit marmar, talk va talk toshi, talkli magnezit, vollastonit, asbest, barit, vermikulit, qoliplash xom ashyosi, felzit, serpentinit va boshqa kon-ruda xomashyosi;
