59-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida:
1) ruxsatnoma berilgan sanadan eʼtiboran qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlariga doir uch yil ichida hamda noruda foydali qazilmalar boʻyicha bir yil ichida konchilik faoliyatini amalga oshirishni boshlashi;
2) konchilik faoliyatining barcha turlari, shu jumladan ishlab chiqarish texnologiyalari barcha qoʻllaniladigan standartlar va normalarga, shuningdek konchilik faoliyatini yuritishning tegishli amaliyotiga muvofiqligini taʼminlashi;
3) konchilik faoliyati konni oʻzlashtirishning joriy tasdiqlangan loyihasiga maʼlum darajada muvofiqligini taʼminlashi;
4) Yer qaʼridan foydalanish markaziga foydali qazilmalarning asosiy turlari boʻyicha konni oʻzlashtirishning yangilangan loyihasini har yili, noruda foydali qazilmalar boʻyicha esa har ikki yilda taqdim etishi;
5) konchilik faoliyatining barcha turlarini va yer qaʼri uchastkasidan qonuniy asosda boshqacha foydalanishni ushbu barcha ishlar oqilona vositalar bilan yoʻl qoʻyilmasligi mumkin boʻlgan jamoatchilikka oid yoki xususiy manfaatlar buzilishiga olib kelmasligini taʼminlash maqsadida konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan choralar bilan cheklashi;
6) konchilik faoliyatiga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan barcha talablarga tizimli ravishda va doimiy rioya etilishini taʼminlash hamda ularning ijro etilishini taʼminlash ustidan nazorat qilish uchun moʻljallangan tegishli boshqaruv tizimini tashkil etishi, joriy qilishi va muntazam ravishda yangilab borishi;
7) qazib olingan foydali qazilmalarning hamda ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan ishlab chiqarish chiqindilarining aniq hisobini yuritishi, shu jumladan har kungi ishchi jurnallarning va mahsulotlarni ishlab chiqarish, yuklab joʻnatish, asbob-uskunalarni yetkazib berish, baxtsiz hodisalar va obyektga tashrif buyuruvchilar reyestrlarining yuritilishini taʼminlashi;
8) ushbu Qonunning 61 va 62-moddalariga muvofiq foydali qazilmalarni qazib olish toʻgʻrisidagi hisobotlarni oʻz vaqtida taqdim etishi;
9) atrof-muhitni boshqarishning tasdiqlangan rejasi uning davriy ravishda qayta koʻrib chiqilishini va yangilab borilishini, shu jumladan monitoringini va hisobdorligini hisobga olgan holda bajarilishini amalga oshirishi;
