56-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi ushbu moddada va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan qattiq holdagi asosiy foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar toʻgʻrisidagi talablarga rioya etishi shart, bundan texnogen mineral hosilalar boʻyicha loyihalar mustasno.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlar foydali qazilmalarning har bir turi boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish muddatining birinchi yoki oxirgi yili toʻliq boʻlmaganda, har yilgi eng kam xarajatlar mazkur yildagi qazib olish davrining har bir toʻliq oyi uchun mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi. Kadastr kvadratida qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilishi biror-bir yil davomida tugatilgan taqdirda, har yilgi eng kam xarajatlar mazkur yildagi amal qilish muddatining har bir toʻliq oyi uchun mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi.
Har yilgi eng kam xarajatlar jumlasiga kiritilishi lozim boʻlgan konchilik faoliyati, shuningdek kiritilmaydigan faoliyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutiladi. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish faqat tegishli ruxsatnomada koʻrsatilgan kadastr kvadratlarida qilingan xarajatlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasida har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan va hisobot yilining 1-yanvarida amal qiladigan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qazib olishga doir eng kam xarajatlar boʻyicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qaʼridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda Yer qaʼridan foydalanish markaziga hisobot yilidan keyingi ikki oydan kech boʻlmagan muddatda hisobot taqdim etishi shart. Bunda yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan xarajatlar joriy yil xarajatlarida hisobga olinmaydi va hisobotda hisobot yili uchun aks ettirilgan hisoblanadi.
