55-modda. Konchilik faoliyatini amalga oshirish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi biror-bir konchilik faoliyati boshlanguniga qadar zarur ekologik ekspertizadan oʻtishi va xavfsizlik sohasidagi barcha tegishli maʼqullashlarni, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini olishi kerak. Yer qaʼridan foydalanuvchi bunday maʼqullashlarni ular olingan paytdan eʼtiboran besh kun ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etadi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish huquqini olgan yer qaʼridan foydalanuvchi biror-bir konchilik faoliyati boshlanguniga qadar davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning dastlabki rejasini oʻz ichiga oladigan tegishli foydali qazilmalar konini oʻzlashtirish loyihasini Yer qaʼridan foydalanish markaziga kiritadi. Agar konlarni oʻzlashtirish loyihasi ushbu Qonunning 50-moddasiga muvofiq taqdim etilgan dastlabki texnik-iqtisodiy asosga yoki texnik-iqtisodiy asosga kiritilgan boʻlsa, uning takroran taqdim etilishi talab qilinmaydi.
Konni oʻzlashtirish loyihasi ushbu Qonun talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Konni oʻzlashtirish va (yoki) tajriba-sanoat usulida qazib olish loyihalarining mazmuni yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qoʻllaniladigan qonunchiligiga muvofiq, dastlabki texnik-iqtisodiy asosga yoki texnik-iqtisodiy asosga kiritilgan tafsilotlar, shuningdek ekologik va sanoat xavfsizligi talablari hisobga olingan holda mustaqil ravishda belgilanadi.
Konchilik faoliyati yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan tayyorlangan konni oʻzlashtirishning tasdiqlangan joriy loyihasiga muvofiq amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar hollari mustasno.
Agar ushbu Qonunning 57-moddasiga muvofiq ilgari oʻzgartirishlar kiritilmagan boʻlsa, foydali qazilmalarning asosiy turlariga doir loyiha uchun konni oʻzlashtirish loyihasi Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan sanadan eʼtiboran bir yil davomida, noruda foydali qazilmalarga doir konni oʻzlashtirish loyihasi esa ikki yil davomida amal qiladi. Yer qaʼridan foydalanish markazi konni oʻzlashtirish loyihasi ushbu qismda koʻrsatilgan muddatdan uzoqroq davrni qamrab olishini, biroq, agar yer qaʼridan foydalanish boʻyicha rejalashtirilayotgan faoliyatning keng koʻlamligi, texnik jihatdan bajarilishi va davomiyligi ularni amalga oshirish muddatlarining koʻpaytirilishini talab etsa, toʻrt yildan oshmasligini talab qilishga haqli.
