46-modda. Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish davrida foydali qazilmalarni tajriba (sinov) va tajriba-sanoat usulida qazib olish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼri uchastkasini geologik jihatdan oʻrganish davrida foydali qazilmalar mavjudligi tasdiqlangan taqdirda, foydali qazilmalarni boyitish va qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish yoki takomillashtirish, ularning sifatini baholash va foydali qazilmalar konining geologik modelini tuzish hamda ularni oʻzlashtirishning oqilona uslublarini va usullarini tanlash, shuningdek texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni olish maqsadida foydali qazilmalarni tajriba (sinov) va tajriba-sanoat usulida qazib olishni amalga oshirishga haqli.
Foydali qazilmalarni tajriba (sinov) usulida qazib olish geologik jihatdan oʻrganish loyihasida asoslangan hajmda, quyidagilarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
1) sanoat xavfsizligi normalari va qoidalariga;
2) atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka, shu jumladan ushbu Qonunning 15-bobida nazarda tutilgan tuproqning unumdor qatlamini saqlash, yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek buzilgan yerlarni kelgusida rekultivatsiya qilish shartlariga.
Foydali qazilmalarni tajriba-sanoat usulida qazib olish Yer qaʼridan foydalanish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi xabardor qilinganidan keyin amalga oshiriladi.
Tajriba-sanoat usulida qazib olish chogʻida qazib olingan foydali qazilmalar yer qaʼridan foydalanuvchining mulki boʻladi. Bunday foydali qazilmalarni sotish yoki boshqa shaxsga oʻtkazish yer qaʼridan foydalanuvchi mazkur loyiha yuzasidan qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnoma olmaguniga qadar taqiqlanadi.
Foydali qazilmalarni tajriba (sinov) va (yoki) tajriba-sanoat usulida qazib olish hamda ularning tadqiqotlari natijalari yer qaʼri uchastkasini geologik jihatdan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilishi kerak.
Yer qaʼridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq qaysi yer uchastkasiga nisbatan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni olgan boʻlsa, oʻsha yer uchastkasida tajriba-sanoat usulida qazib olish bilan bogʻliq kapital inshootlarni barpo etishga haqli.
