45-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilarning huquqlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish loyihasida koʻrsatilgan foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishni amalga oshirish huquqiga ega.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilar quyidagi mutlaq huquqlarga ega:
1) ruxsatnomada nazarda tutilgan yer qaʼri uchastkasida geologik jihatdan oʻrganishni amalga oshirish;
2) kadastr kvadrati yuzasining ajratilgan yer uchastkalari doirasida ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan vaqtinchalik sanoat obyektlarini va ijtimoiy obyektlarni barpo etish, shuningdek umumiy foydalanishdagi obyektlar va kommunikatsiyalardan shartnoma asosida foydalanish;
3) ushbu Qonunning 46-moddasida nazarda tutilgan tajriba-sanoat usulida ishlab chiqarishni amalga oshirish;
4) basharti ushbu Qonunning 6-bobi talablariga rioya etilsa, geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida istalgan vaqtda qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish uchun ruxsatnomani soʻrash va olish;
5) qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish uchun zarur boʻlgan yoki ular bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshirish.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilar ushbu Qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
