31-modda. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanishning har bir turi yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir olingan ruxsatnoma asosida, ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida amalga oshiriladi.
Yer qaʼridan foydalanish markazi yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning ushbu Qonunda nazarda tutilgan barcha turlariga doir ruxsatnomani beradi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan beriladigan chiqindilarni (uglevodorodlarni saqlashdan tashqari) saqlash va koʻmib tashlash maqsadida yer osti inshootlarini qurish hamda ishlatish uchun yer qaʼri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma mustasno.
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishga doir ruxsatnoma, basharti ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilsa, oʻlchami kadastr kvadratlarining miqdori bilan belgilangan yer qaʼri uchastkasidan ushbu Qonunda belgilangan ayrim cheklovlar hisobga olingan holda nazarda tutilgan muddat ichida mutlaq foydalanish uchun oʻz egasining huquqini tasdiqlovchi hujjatdir.
Ruxsatnoma birinchi berilgan ariza prinsipi (bundan buyon matnda “birinchi kelgan — birinchi oladi” prinsipi deb yuritiladi) boʻyicha yoki ruxsatnoma berishning ushbu Qonunda belgilangan qoʻshimcha usullari asosida beriladi.
Bir shaxsga cheklanmagan miqdorda ruxsatnomalar berilishi mumkin, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Aynan bitta loyihaning qismi boʻlgan, bir-biriga bogʻliq kvadratlar uchun berilgan ruxsatnomalar ushbu Qonunga muvofiq tartibga solish, shu jumladan atrof-muhitni muhofaza qilish jihatidan tartibga solish maqsadlari uchun bitta loyiha sifatida qabul qilinishi mumkin.
Ruxsatnomalar faqat bitta shaxsning nomiga rasmiylashtiriladi.
Bir kadastr kvadratidan foydalanish huquqiga doir har xil turdagi ruxsatnomalarning bir necha shaxsga berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bir vaqtning oʻzida yer qaʼridan foydalanishning bir nechta turiga doir ruxsatnomalar berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Qonunchilikga muvofiq Yer qaʼridan foydalanish markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi berilgan ruxsatnomalarning kadastrini yuritadi.
Ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tushirilgan blankaning belgilangan shaklini, shuningdek ruxsatnomaning ajralmas tarkibiy qismi boʻlgan va yer qaʼridan foydalanishning asosiy shartlarini belgilaydigan matnli, chizmali hamda boshqa ilovalarni oʻz ichiga olgan shaklda rasmiylashtiriladi. Ruxsatnomalar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda beriladi.
