29-modda. Foydali qazilmalar joylashgan uchastkalardagi qurilish shartlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Shaharlar hududi doirasidan tashqaridagi aholi punktlarini, sanoat obyektlarini va boshqa obyektlarni joylashtirish uchun uchastkalarni tanlash chogʻida qurilish qilinadigan uchastka ostidagi yer qaʼrida foydali qazilmalar mavjud emasligi yoki kam miqdorda mavjudligi toʻgʻrisida Yer qaʼridan foydalanish markazining xulosasi zarur boʻladi.
Foydali qazilmalar konlari (bundan qurilish materiallari va toʻldirgich xomashyolar mustasno) joylashgan maydonlardagi qurilishga, shuningdek foydali qazilmalar konlari joylashgan maydonlarda foydali qazilmalarni qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini joylashtirishga yer qaʼridan foydali qazilmalarni chiqarib olishni taʼminlash hisobga olingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan kelishuvga koʻra, alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Foydali qazilmalar joylashgan maydonlardagi qurilishga doir ruxsatnoma berish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
