167-modda. Barqarorlik kafolatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanuvchiga nisbatan qoʻllaniladigan fiskal, soliq, bojxona va valyuta rejimlarining barqarorligini taʼminlash masalalari yuzasidan Yer qaʼridan foydalanish markaziga murojaat qilishi mumkin. Barqarorlik kafolatini taʼminlash usullari, shu jumladan ishtirok etish huquqi, malaka chegaralari, arizalar berish tartib-taomillari, davomiylik, yangilash shartlari, qoʻllanilishi, shartlari, cheklovlari va istisnolari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Barqarorlik kafolati berilgan yer qaʼridan foydalanuvchi barqarorlik kafolati berilgan paytda qoʻllanilgan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan iqtisodiy shartlarning amal qilishini saqlab qolish huquqiga ega. Agar barqarorlik kafolati berilgan kunda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga oʻzgartirishlar kiritilishi yer qaʼridan foydalanuvchining xarajatlari koʻpayishiga yoki yer qaʼridan foydalanish loyihasi doirasida uning daromadlari kamayishiga bevosita olib kelsa, yer qaʼridan foydalanuvchi davlatdan kompensatsiya talab qilishga yoki barqarorlik kafolati berilgan kunda amalda boʻlgan qonunchilik hujjatining amal qilishi, saqlanishini talab qilish huquqiga ega. Qonunchilik hujjatlarining amal qilishda davom etishini yoki yer qaʼridan foydalanuvchiga kompensatsiya toʻlanishini aniqlash tartibi va bunday toʻlov shartlari, shu jumladan summalarni hisob-kitob qilish, toʻlovlarning xususiyati va davriyligi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi barqarorlik kafolatini rad etishi va barqarorlik kafolati berilgan sanadan keyin joriy etilishi mumkin boʻlgan yanada qulayroq chora-tadbirlar qoʻllanilishini talab qilishi mumkin, ammo bu holda yer qaʼriga egalik qiluvchi yangi rejimni (rejimlarni) faqat, agar u buni toʻliq qabul qilsa, tanlashi mumkin. Barqarorlik kafolatini rad etish usullari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchiga nisbatan barqarorlik kafolatining aniq qoidalari inobatga olingan holda ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining qoidalarini tatbiq etish davom etadi, xususan, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatlar mudofaa, milliy xavfsizlik, jamoat tartibi, mehnatni muhofaza qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka doir biror-bir oʻzgartirishlarga nisbatan tatbiq etilmaydi, basharti mehnatni muhofaza qilishga, xavfsizlik texnikasiga va atrof-muhitni muhofaza qilishga nisbatan Yer qaʼridan foydalanish markazi yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan sogʻliq, xavfsizlik va (yoki) atrof-muhitni muhofaza qilish manfaatlarini koʻzlab qabul qilinishi uchun zarur boʻlgan har qanday qoʻshimcha chora-tadbirlar tarmoqqa oid ilgʻor amaliyotga muvofiq boʻlishini taʼminlasa.
