161-modda. Foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma doirasidagi har yilgi litsenziya toʻlovi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Geologik jihatdan oʻrganish uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun har yilgi litsenziya toʻlovi tegishli ruxsatnomada koʻrsatilgan har bir kadastr kvadratlari boʻyicha foydali qazilmalarni izlash va qidirish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun har yilgi toʻlovdir.
Geologik jihatdan oʻrganish uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun litsenziya toʻlovi yer qaʼri uchastkasidan geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanishning har bir yili uchun ruxsatnomada koʻrsatilgan muddatga muvofiq toʻlanadi.
Geologik jihatdan oʻrganish uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun litsenziya toʻlovining miqdori:
1) asosiy foydali qazilmalar turlari boʻyicha geologik jihatdan oʻrganilishi lozim boʻlgan yer qaʼri uchastkasining bir gektari uchun qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn foizini;
2) noruda foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishning bir gektari uchun qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh foizini tashkil etadi.
Ruxsatnoma amal qilishining birinchi va oxirgi yili uchun har yilgi toʻlov yilning ruxsatnomaning amal qilishi tatbiq etiladigan davriga mutanosib ravishda toʻlanadi.
Foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma uchun har yilgi toʻlov yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan birinchi yil uchun ruxsatnoma olingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida, soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq organlariga toʻlanadi. Har bir keyingi yil uchun toʻlovlar har yili 31-martdan kechiktirmay toʻlanadi.
Yer qaʼridan geologik jihatdan oʻrganish uchun foydalanganlik uchun har yilgi litsenziya toʻlovi quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
yetmish foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
oʻn besh foizi — Qoraqalpogʻiston Respublikasining hamda viloyatlarning mahalliy budjetlariga;
oʻn besh foizi — tumanlarning (shaharlarning) mahalliy budjetlariga.
