138-modda. Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlariga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish, yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish va yer uchastkasini tiklashga doir umumiy qoidalar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Barcha yer qaʼridan foydalanuvchilar yer qaʼridan foydalanish boʻyicha faoliyat tugatilganidan keyin quyidagilarni taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlar bajarilishini taʼminlashi shart:
1) yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish toki kadastr kvadratining ustidagi yer uchastkasining yuzasi, shuningdek unga tutash hududlar, hech boʻlmaganda, ular yer qaʼridan foydalanish boʻyicha faoliyat boshlanguniga qadar boʻlgan oʻsha koʻrinishga va sifatga keltiriladigan yoki, agar buning imkoni boʻlmasa, qanchalik mumkin boʻlsa, shunchalik yaqin holatga keltiriladigan tarzda amalga oshirilishini;
2) kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasining va unga tutash hududlarning rekultivatsiyasi, toki ularning yerdan foydalanishga nisbatan boʻlgan avvalgi qobiliyati tiklanishi taʼminlaydigan va, agar yerlarni bunday tiklashning imkoni boʻlmasa, bunday uchastkalar uchun yerdan eng samaraliroq foydalanilishiga erishiladigan tarzda oʻtkazilishini;
3) amalga oshirilishi taklif qilinayotgan chora-tadbirlar biologik xilma-xillikning biror-bir yoʻqolib ketishiga olib kelmasligini;
4) koʻrilayotgan chora-tadbirlarning uzoq muddatli istiqbolda barqarorligini taʼminlash uchun yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan yetarlicha moliyalashtirish taʼminlanishini.
Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish ishlarining hajmini qisqartirish maqsadida tegishli ruxsatnomaning amal qilishi tugaguniga qadar yer qaʼridan foydalanishga oid faoliyatni qisman tugatish amalga oshirilishi mumkin.
Tegishli ruxsatnomaning amal qilishi tugatilishi yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha majburiyatlarning tugatilishiga olib kelmaydi. Agar ruxsatnomaning amal qilishi tugatilganidan keyin oʻttiz yildan soʻng yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish toʻliq va muvaffaqiyatli oxiriga yetkazilsa hamda yangi ekologik majburiyatlar yuzaga kelmasa, yer qaʼridan foydalanuvchining majburiyati tugaydi.
