13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
yoqilgʻi-energetika tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasining energetika xavfsizligini taʼminlashga, iqtisodiyot tarmoqlarini va mamlakat aholisini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
uglevodorodlarning qazib olinishi, qayta ishlanishi, transportda tashilishi, taqsimlanishi hamda ulardan foydalanilishi davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshiradi;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarining uglevodorodlarga oid qismini ishlab chiqishda ishtirok etadi va ularni kelishadi;
uglevodorodlarning resurs bazasini rivojlantirishga va qayta toʻldirishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
