116-modda. Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun beriladigan yer qaʼri uchastkasining hududi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun yer qaʼri uchastkasining (oltin izlovchilar usulida qazib olish uchastkasi) tashqi chegaralari toʻgʻriburchakni hosil qilishi kerak. Agar boshqa yer qaʼri uchastkasining tabiiy xususiyatlari yoki chegaralari toʻgʻriburchak shaklidagi tegishli oltin izlovchilar usulida qazib olish uchastkasi hududining tashqi chegaralarini aniqlash imkonini bermasa, bunday yer qaʼri uchastkasining hududi uchburchak (kadastr kvadratlarining toʻgʻri toʻrtburchak shaklini hisobga olgan holda) yoki toʻrtburchak shaklga ega boʻlishi mumkin, uning kamida ikki qarama-qarshi tomoni bir-biriga parallel boʻlishi kerak.
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun yer qaʼri uchastkasi hududining maydoni kamida bir gektarni va koʻpi bilan besh gektarni tashkil etishi kerak. Bunda bir nafar yer qaʼridan foydalanuvchiga tegishli boʻlgan yoki bitta loyiha doirasida foydalaniladigan yer qaʼri uchastkasining maydoni koʻpi bilan bir kadastr kvadratini tashkil etishi kerak.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun beriladigan yer qaʼri uchastkasi Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun taklif etiladigan yer qaʼri uchastkalarining roʻyxati har yili Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanadi.
Oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ajratilgan hudud davlat yer fondi kadastrida hisobga olinadi.
