11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yer qaʼrini davlat mulki obyekti sifatida boshqarishni amalga oshiradi, milliy xavfsizlikni, aholi xavfsizligini, uning hayoti va sogʻligʻi saqlanishini, shuningdek atrof-muhitning muhofaza qilinishini taʼminlash maqsadida, yer qaʼridan foydalanishga doir cheklovlar va taqiqlarni belgilaydi;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga hamda qayta toʻldirishga oid uzoq muddatli va oʻrta muddatli davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yer qaʼri uchastkalarini foydalanishga berish hamda yer qaʼri holatining davlat monitoringini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
yer qaʼrining davlat fondi kadastrini yuritish tartibini belgilaydi;
foydali qazilmalar konlarini oʻzlashtirish va mineral xomashyoni qayta ishlashda Yer qaʼrini muhofaza qilishning yagona qoidalarini tasdiqlaydi;
yer qaʼrining geologik jihatdan oʻrganilishi, undan foydalanilishi va uning muhofaza qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tarkibini tasdiqlaydi;
mineral xomashyo bazasini rivojlantirishga va qayta toʻldirishga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan, sanoat ahamiyatiga molik boʻlgan foydali qazilmalarning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari maʼlum boʻlgan konlarni (konlar uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pulli mukofotlar miqdorlarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
