105-modda. Yer ostida saqlash loyihasi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer ostida saqlash loyihasi yer qaʼri makonidan foydalanish shartlari va parametrlarini belgilaydi.
Yer ostida saqlash loyihasini tuzishga doir yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Yer ostida saqlash loyihasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) yer qaʼri makonidan foydalanish maqsadi;
2) soʻralayotgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish muddati;
3) obyektning tavsifi;
4) saqlanishi lozim boʻlgan mahsulotlarning, shu jumladan ehtimoldagi biror-bir xavfli yoki zaharli moddalar, qattiq yoki suyuq holdagi chiqindilar va texnik suvlarning tavsifi — mahsulotning, texnologiyaning yoki mahsulot hosil boʻladigan jarayonning nomi, uning fizikaviy tavsiflari, toʻliq kimyoviy tarkibi va biror-bir zaharli komponentlar mavjudligi, eruvchanligi, saqlash chogʻida boshqa moddalar bilan mos kelishi, asosiy va biror-bir ifloslantiruvchi radionuklidlar hamda ularning faolligi koʻrsatilgan holda;
5) taklif etilayotgan yer qaʼridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan saqlashning geotexnik sharoitlari, bosim, yongʻin xavfi, portlash xavfi, yer osti suvlarining ifloslanganligi, choʻkish hamda transportda tashish tizimining tavsifi.
Yer ostida saqlash loyihasining shakli va uni tuzish uchun maxsus shartlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Yer ostida saqlash loyihasidagi har qanday oʻzgartirishlar davlat ekologik va sanitariya-epidemiologik ekspertizalaridan oʻtkazilishi lozim.
