103-modda. Yer ostida saqlash uchun yer qaʼri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer ostida saqlash uchun yer qaʼri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma foydali qazilmalar konlari mavjud boʻlmagan yoki foydali qazilmalarning, shu jumladan noruda foydali qazilmalarning kam ahamiyatli resurslari mavjud boʻlgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish uchun beriladi.
Yer ostida saqlash uchun yer qaʼri makonidan foydalanishga doir ruxsatnoma faqat yuridik shaxslarga “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga koʻra beriladi. Ustuvorlik tegishli kadastr kvadratlarida saqlash uchun yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishni amalga oshiruvchi yer qaʼridan foydalanuvchiga beriladi.
Manfaatdor shaxs yer ostida saqlashga doir ruxsatnomani olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga, uglevodorodlarni saqlashni yoki boshqa yer ostida saqlashning turlarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan shaxs esa Yer qaʼridan foydalanish markaziga ariza beradi.
Arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
1) arizachining davlat roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiq toʻliq nomi;
2) arizachi vakolatli yuridik shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
3) saqlash uchun yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomada koʻrsatilgan ochiq kadastr kvadratlari yoki arizachi tomonidan soʻralayotgan ochiq kadastr kvadratlari boʻyicha batafsil axborot, shu jumladan ularning joylashgan yeri va koordinatalari koʻrsatilgan tegishli masshtabdagi xarita;
4) yer osti inshooti obyektining tavsifini, uning izolyatsiyasi tavsifini, togʻ jinslarining turini, kollektor qatlamining joylashish chuqurligini va samarali quvvatini, uning maydonini, gʻovaklilik koeffitsiyentini, toʻshalgan va suvga bardoshli toʻsuvchi qatlamning tavsifini, yer osti suvlarining tabiiy oqimi tezligini, sifat va miqdor koʻrsatkichlarini, koʻmib tashlash, toʻplash va oqizib yuborishning konchilik texnik, maxsus muhandislik-geologik, gidrogeologik va ekologik shart-sharoitlarini oʻz ichiga olgan geologik hisobot;
5) zararli, zaharli moddalar, qattiq va suyuq holdagi chiqindilarning, oqova va sanoat suvlarining mahsulot nomi koʻrsatilgan tavsiflari, ushbu mahsulot hosil boʻladigan texnik ishlab chiqarish yoki jarayon, uning fizikaviy tavsifi, toʻliq kimyoviy tarkibi, zaharli komponentlar, yongʻin xavfi, portlash xavfi mavjudligi, eruvchanligi, saqlash chogʻida boshqa moddalar bilan bir-biriga mosligi, asosiy ifloslantiruvchi radionuklidlar, ularning faolligi, shuningdek transportda tashish tizimining xususiyatlari;
