8-modda. Saylov uchastkalari tuzish tartibi va normasi
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylov uchastkalari tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlarning chegaralarini inobatga olgan holda, saylovchilarga mumkin qadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi. Saylov uchastkalari harbiy qismlarda ham tuziladi va qism joylashgan yerdagi saylov okrugiga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari tegishli saylov okrugi doirasidan chiqib ketmasligi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Bu saylov uchastkalari oʻzlari joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. Oʻzbekistondan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini qaysi saylov okrugiga birkitish toʻgʻrisidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.
Saylov uchastkalari tuman, shahar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qoʻshilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi. Harbiy qismlarda, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan yerlarda ham saylov uchastkalari ana shu muddatda, alohida hollarda esa istisno tariqasida saylovga kamida besh kun qolganida tuziladi.
Saylov uchastkalari, qoida tariqasida, kamida yigirma nafar va koʻpi bilan uch ming nafar saylovchidan iborat etib tuziladi.
Ovoz berishni tashkil etish uchun har bir saylov uchastkasiga tuman, shahar hokimligi bino ajratadi.
Okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyasining va ovoz berish binosining joylashgan yerini koʻrsatgan holda har bir saylov uchastkasining chegaralari toʻgʻrisida saylovchilarni xabardor etishni tashkil qiladi.
