6-modda. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi oshkoralik
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradilar.
Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradilar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar (bundan buyon matnda deputatlikka nomzodlar deb yuritiladi) xususidagi maʼlumotlar, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradilar.
Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalariga (bundan buyon matnda okrug saylov komissiyalari deb yuritiladi) saylovga kamida oʻn besh kun qolganida maʼlum qiladilar.
Okrug saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadigan namunadagi mandatni manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin kuzatuvchiga besh kun ichida beradi. Boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
okrug va uchastka saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish;
Oʻzbekiston ekologik harakatidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar koʻrsatish va ularni saylash boʻyicha Oʻzbekiston ekologik harakatining konferensiyasida hozir boʻlish;
