47-modda. Boʻshab qolgan oʻrinlarga Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovini oʻtkazish
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Markaziy saylov komissiyasi ayrim deputatlarning vakolatlarini haqiqiy emas deb topgan taqdirda, shuningdek deputat chaqirib olingan, boshqa sabablarga koʻra deputatlik vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov oʻtkaziladi. Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov oʻtkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Qonunning talablariga rioya qilgan holda tashkil etiladi. Bunda okrug saylov komissiyasi saylovga yigirma besh kun, uchastka saylov komissiyalari esa oʻn besh kun qolganida tuziladi. Deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish saylovga oʻn besh kun qolganida tugallanadi.
Qonunchilik palatasi vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida Qonunchilik palatasi deputatining oʻrni boʻshab qolsa, boʻshab qolgan oʻringa yangi deputat saylovi oʻtkazilmasligi mumkin.
