46-modda. Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
a) agar saylov okrugida saylov oʻtmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;
b) agar takroriy ovoz berish Qonunchilik palatasiga deputat saylanganligini aniqlash imkonini bermagan boʻlsa;
v) agar saylov okrugi boʻyicha deputatlikka koʻpi bilan ikki nomzod ovozga qoʻyilgan va ulardan birontasi ham saylanmagan boʻlsa.
Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi Markaziy saylov komissiyasining topshirigʻiga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Bunda Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan oʻtkazilishi zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylov oʻtkazish uchun tuzilgan avvalgi saylov uchastkalarida va saylovchilarning roʻyxatlari boʻyicha oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi deputatining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin koʻpi bilan bir oylik muddat ichida oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarini tuzish, deputatlikka nomzodlarni roʻyxatga olish va boshqa tadbirlar ushbu Qonunda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
