44-modda. Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovining natijalarini aniqlash
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida:
Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini;
saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini;
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.
Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan deputatlikka nomzod deputat etib saylangan deb hisoblanadi.
Agar saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning oʻttiz uch foizidan kami ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb topiladi.
Saylov chogʻida yoʻl qoʻyilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari yoxud ayrim saylov uchastkalari boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Saylovni haqiqiy emas deb topishga doir qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu qaror ustidan saylov yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Ayrim saylov uchastkalarida saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ana shu uchastkalar boʻyicha ovoz berish natijalarisiz ham umuman saylov haqiqiy deb topilishi mumkin ekanligi inobatga olingan holda bu natijalar Markaziy saylov komissiyasining qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.
