43-modda. Okrug boʻyicha saylov natijalarini aniqlash
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylov okruglari boʻyicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi:
okrug boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini;
saylov byulletenlari va varaqalari olgan saylovchilarning sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning sonini;
har bir deputatlikka nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari va varaqalari sonini aniqlaydi.
Okrug boʻyicha saylov natijalari saylov komissiyasi majlisida aniqlanadi va bayonnomada aks ettiriladi. Bayonnoma saylov komissiyasining raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etiladi.
