272-modda. Saylovoldi tashviqotini ommaviy axborot vositalari orqali olib borish
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga hajmiga koʻra bir xil boʻlgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yoʻli bilan teng sharoitlar taʼminlanadi.
Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Deputatlikka nomzodlarga, siyosiy partiyalarga nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Saylov kampaniyasida ishtirok etuvchi ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq toʻlash shartlari hamda boshqa talablar barcha deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar uchun teng va bir xil boʻlishi kerak.
Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos boʻlishi, deputatlikka nomzodlarning, siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni, shuningdek deputatlikka nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Saylovoldi tashviqoti maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
