271-modda. Saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylovoldi tashviqoti quyidagi tarzda olib boriladi:
siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish;
deputatlikka nomzod toʻgʻrisidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga daʼvat etgan holda tarqatish.
Saylovoldi tashviqoti omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, soʻzga chiqishlar, saylovchilarning yigʻilishlari, deputatlikka nomzod, siyosiy partiya toʻgʻrisidagi roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
Saylovoldi tashviqoti:
ommaviy axborot vositalari, shuningdek televideniye, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi) orqali;
bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali;
saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanishi mumkin.
