17-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolat muddati
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (518-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis oʻtkazilayotgan kundagi komissiya tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya umumiy tarkibining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi boʻlmagan komissiya aʼzolari oʻzlarining alohida fikrlarini bayon etishga haqlidirlar, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Agar ovozlar teng boʻlinib qolsa, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi kuchga ega boʻladi.
Saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlarning, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining ijrosi uchun majburiydir.
Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi yoki boshqa aʼzosi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida, oʻrtacha oylik ish haqi saylov oʻtkazish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan saqlangan holda, ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan ozod qilinishi mumkin.
Davlat organlari va jamoat birlashmalari organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishda yordam berishlari, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun kerakli binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishlari shart.
Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalari organlariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular komissiya tomonidan qoʻyilgan masalani koʻpi bilan uch kun ichida koʻrib chiqishlari va saylov komissiyasiga javob qaytarishlari shart.
Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tugatilishi mumkin.
